Toshkent markazidagi ayrim koʻchalar qisman yopiladi

Toshkentning ayrim koʻchalarida transport vositalarining harakati cheklanadi, deb xabar bermoqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Aniqlik kiritilishicha, 7–9-may kunlari shaharda “Tashkent Flowers Fest – 2026” gullar festivali boʻlib oʻtadi.

Shu munosabat bilan, 2-maydan 11-mayga qadar Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi oldidagi maydonga tutash quyidagi hududlarda harakat cheklanadi:

— Zarafshon koʻchasining “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi nazorat-oʻtish punkti va Mustaqillik shoh koʻchasi oraligʻidagi qismi;

— Istiqlol koʻchasining Amir Temur shoh koʻchasi va Buyuk Turon koʻchasi oraligʻidagi qismi;

— Buyuk Turon koʻchasining Istiqlol koʻchasi bilan kesishmasidan Yoshlar ijod saroyigacha boʻlgan qismi.

Haydovchilarga vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr soʻragan holda, muqobil yoʻnalishlardan foydalanish tavsiya etildi.