“Centrum Air” aviakompaniyasi 28-sentyabrdan Toshkent–Haydarobod–Toshkent yoʻnalishi boʻyicha muntazam aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyadi. Parvozlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Hindistonning Haydarobod shahrida Oʻzbekiston elchixonasi, aviakompaniya vakillari hamda ikki mamlakatning turizm va ishbilarmonlik doiralari ishtirokida yangi yoʻnalish taqdimoti oʻtkazildi. Tadbirda Oʻzbekiston–Hindiston munosabatlari jadal rivojlanib, keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga koʻtarilgani taʼkidlandi.



Oʻzbekiston elchisi Sardor Rustamboyevning qayd etishicha, Toshkent–Haydarobod aviaqatnovining yoʻlga qoʻyilishi Hindiston Bosh vazirining 29–30-avgust kunlari Toshkentga tashrifi chogʻida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosidir.
Qayd etilishicha, parvozlar “Airbus A320neo” samolyotlarida haftasiga ikki marta amalga oshiriladi. Haydarobod “Centrum Air”ning Dehlidan keyingi Hindistondagi ikkinchi yoʻnalishiga aylanadi.
Taqdimot doirasida Oʻzbekistonning turizm salohiyati, mehmonxona infratuzilmasi va dam olish maskanlari ham tanishtirildi. Tadbirda soʻnggi besh-olti yilda Hindistondan Oʻzbekistonga kelayotgan sayyohlar soni bir necha barobar oshgani qayd etildi. Shuningdek, ikki mamlakat sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida B2B formatida uchrashuvlar oʻtkazilib, hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.