Oʻzbekistondagi 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi. Bu haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 18-mayga qadar har kuni yurtimizdan Saudiya Arabistoniga aviaqatnovlar amalga oshiriladi. Ziyoratchilar yurtimizning 9 ta hududi, jumladan, Toshkent, Namangan, Fargʻona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlaridagi aeroportlardan Madina shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri uchadi.
Hamyurtlarimizni Madina shahriga yetkazish Saudiya Arabistonining “FlyAdeal” aviakompaniyasi tomonidan, hojilarni Vatanga qaytarish esa “Uzbekistan Airways” tomonidan amalga oshiriladi.
Musulmonlari idorasining bildirishicha, Haj tadbirlarini tashkil etish boʻyicha ziyoratchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, meningit kasalligiga qarshi emlangan. Shuningdek, boʻlgʻusi hojilarning rasmiy haj vizalari va boshqa zarur hujjatlarni rasmiylashtirish yakunlangan hamda ziyoratchilarga guruh rahbarlari biriktirilib, hozirda safar oldi mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Bundan tashqari, har bir ziyoratchiga “Haj – buyuk ibodatdir” qoʻllanmasi, sumka, nimcha, termos, soyabon, sim-karta hamda quvvatlagich taqdim etiladi.