Joriy yilning 23-25-aprel kunlari Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasida notariat tashkil topganligining 160-yilligiga bagʻishlangan xalqaro anjuman oʻtkazildi. Unda MDH ga aʼzo davlatlar notariat vakillari, shu jumladan Oʻzbekiston Notarial palatasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
Mazkur anjumanda notariatning izchil rivojlanishi, uning huquqiy tizimdagi mustahkam oʻrni va ahamiyati haqida soʻz bordi.
Ushbu nufuzli tadbirda Oʻzbekiston Notarial palatasi raisi Dilshod Ashurov “Oʻzbekistonning zamonaviy notariati – raqamlashtirish va islohotlar” mavzusida maʼruza qildi. Maʼruzada oʻzbek notariatida inqilobiy islohotlarga mamlakat rahbarining shaxsan bosh-qosh boʻlayotgani, keyingi yillarda qabul qilingan farmon, qarorlarning sohani butkul oʻzgartirganligi, notariat qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartishlar tufayli aholiga yaratilgan qulayliklar haqida batafsil maʼlumot berildi. Mustaqil davlat hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar notarial tizimlari oʻrtasida shakllangan koʻp yillik samarali hamkorlik aloqalarini alohida taʼkidlandi.
Ishtirokchilar Oʻzbekiston notariat tizimi takomillashib borayotganligi, koʻp jabhada boshqa davlatlar notariat tizimlariga ibrat boʻlayotganligini eʼtirof etdilar.
Hamkorlik aloqalarini yaqindan yoʻlga qoʻyishda hamda notariat tizimlari rivojlanishida koʻrsatgan xizmatlari uchun Dilshod Ashurov Rossiya Federal Notarial palatasining Faxriy yorligʻi bilan taqdirlandi.