“Qancha harakat qilib, iqtisodiyotni oʻstirmaylik, agar inflyatsiya ham oshib boraversa, aholi va tadbirkorlar hayotida ijobiy oʻzgarish sezilmaydi. Chunki tovar, ish va xizmatlar narxining oshishi koʻpaygan daromadni qadrsizlantiradi”, – dedi Prezidentimiz.
Yil boshidan dunyoda neft narxi 40 foizga oshdi. Roʻy berayotgan ziddiyatlar oqibatida qulay logistika koridorlarini oʻzgartirishga toʻgʻri kelmoqda. Bu mahalliy mahsulotlarning eksportida ham, asosiy isteʼmol tovarlarining importida ham tashish xarajatlarini 25-30 foizga oshirmoqda.
Inflyatsiya importi ichki narx-navoga 1 foizgacha qoʻshimcha bosimni yuzaga keltirmoqda.
Shunday boʻlsada, tashqi bosimni bahona qilib, inflyatsiya boʻyicha ishlarni oʻz holiga tashlab qoʻymaslik lozimligi koʻrsatib oʻtildi.
“Barcha rahbarlar katta harflar bilan yozib olsin: inflyatsiyaga taʼsir qiladigan isteʼmol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi oʻzimizniki”, – dedi davlatimiz rahbari.
Mutasaddilar va hokimlarga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini koʻpaytirib, narxini arzonlashtirishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.