Oʻzbekiston Gvineya-Bisau bilan diplomatik aloqa oʻrnatdi

Joriy yilning 22-aprel kuni Nyu-York shahrida Oʻzbekiston va Gvineya-Bisau oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatish toʻgʻrisidagi Qoʻshma kommyunike imzolandi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu muhim hujjat Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Gvineya-Bisauning BMTdagi missiyasi rahbari Samba Sane tomonidan imzolangan.

Uchrashuvda tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirgan. Shuningdek, ikki tomonlama aloqalarning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib olingan.

Maʼlumot uchun, Gʻarbiy Afrika davlati boʻlgan Gvineya-Bisau Oʻzbekiston diplomatik aloqalar oʻrnatgan 168-mamlakat boʻldi.