Raqobat qoʻmitasi reklama qonunchiligini buzgan 6 ta qurilish kompaniyasiga nisbatan moliyaviy jarima qoʻllanilganini maʼlum qildi.
Bildirilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-maydagi PQ-4732-son qarori bilan tasdiqlangan “Koʻp kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq, Ulush kiritish asosida qurish uchun mablagʻlarni jalb etuvchi quruvchilarning elektron roʻyxatiga kiritmagan holda qurilish obyektlarini reklama qilish taqiqlanadi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan mazkur qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilgan. Oʻrganishlar davomida “Humo Avenue” MCHJ, “Story Dom Siyob” MCHJ, “Aziya Makon City” MCHJ, “Aziza Credo Max” MCHJ, “Shoxsaroy Enter Group” MCHJ hamda “Qorasuv Avenue” MCHJ qurilish korxonalarining qurilish majmualari elektron roʻyxatga kiritilmaganligi, biroq ushbu turar joy majmualari ijtimoiy tarmoqlarda reklama qilinayotganligi aniqlangan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni, shuningdek, ishlab chiqarilishi va (yoki) realizatsiya qilinishi uchun tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud boʻlmagan tovarlarni reklama qilishga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, qoʻmita maxsus komissiyasi tomonidan 6 ta qurilish kompaniyasi qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻygan deb topilib, ularga nisbatan belgilangan tartibda moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilingan. Shuningdek, qonunbuzilishi holatini toʻxtatish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan koʻrsatma berilgan.