Beshariq tumanida Polsha investitsiyasi asosida istiqbolli loyihaga start berildi. Shu tariqa mahalliy tadbirkor Jahongir Nosirov polshalik investor bilan hamkorlikda yirik sanoat korxonasi qurishni maqsad qilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Loyiha doirasida meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qadoqlash va eksportga yoʻnaltirish, shuningdek, qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Umumiy qiymati 20 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha tuman iqtisodiyoti va sanoat salohiyatini yanada rivojlantirishi koʻzda tutilgan.
— Bu loyiha amalga oshirilishi natijasida 200 ta yangi ish oʻrni yaratilib, olis mahallalar yoshlari doimiy va yuqori daromadli ish bilan taʼminlanadi, — deydi tadbirkor J. Nosirov. — Korxonani joriy yilning uchinchi choragida ishga tushirish belgilangan boʻlib, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotlarning asosiy qismi Yevropa davlatlariga eksport qilinishi rejalashtirilmoqda.
Oʻzaro kelishuvga koʻra, korxona qurilishida energiya tejamkor va ekologiyaga zarar yetkazmaydigan xom ashyolardan foydalaniladi. Oʻz navbatida xorijdan eng soʻnggi rusumdagi ilgʻor texnologiyalar olib kelinib, korxonaga ishga olingan yosh mutaxassislar doimiy ravishda Yevropada malaka oshirishiga koʻmaklashiladi.
Ayni paytda tumandagi fermer va dehqon xoʻjaliklari, mirishkor bogʻbonlar bilan sifatli meva-sabzavotlar yetishtirib berish boʻyicha ikki tomonlama manfaatli shartnomalar imzolanmoqda. Shuningdek, yaqin istiqbolda korxona tasarrufida intensiv bogʻlar barpo etish, shu maqsadda koʻhna qitʼadan eksportbop, uzoq masofaga tashishga yaroqli noyob mevali daraxtlar koʻchatlarini olib kelish hamda mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish maqsad qilingan.