“Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtash nufuzi va jozibadorligini oshirish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–134-son, 07.04.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safiga muddatli harbiy xizmatni oʻtash uchun chaqirilgan fuqarolar uchun quyidagi imtiyoz va kafolatlar beriladi:
2026/2027 oʻquv yilidan boshlab:
— muddatli harbiy xizmatni oʻtayotgan askarlarga xizmatni oʻtash davrida oliy taʼlim tashkilotlari bakalavriatining masofaviy taʼlim shakliga abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtish, kirish imtihonlarida ishtirok etish va natijasiga koʻra oʻqishga kirishga ruxsat beriladi. Bunda oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilingan askarlarga qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi;
— muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan askarlar oliy taʼlim tashkilotlarining harbiy tayyorgarlik oʻquv markazlarida oʻqigan talabalarga tenglashtiriladi va oʻqishni tamomlagandan soʻng ularga belgilangan tartibda “zaxiradagi leytenant” harbiy unvoni beriladi;
— muddatli harbiy xizmatni namunali oʻtagan, respublika va xalqaro sport musobaqalarida yoki fan olimpiadalarida 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan askarlar orasidan 100 nafari tanlov asosida saralanib, oliy harbiy va oliy harbiylashtirilgan taʼlim muassasalariga dastlabki saralash va maxsus kasbiy tanlov natijalariga koʻra test sinovlarisiz yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz belgilangan yillik kvota doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishga qabul qilinadi;
— muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida Olimpiya va Osiyo oʻyinlari dasturlariga kiritilgan sport turlari boʻyicha respublika hamda xalqaro musobaqalarda 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan askarlar Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga (mos yoʻnalishlarga) kirish sinovlarisiz davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.