24-25-mart kunlari Shvetsiya parlamenti — Riksdagda “Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik, ekstremizmga qarshi kurash va terrorchi guruhlarning sobiq aʼzolarini reintegratsiya qilish tajribasi” mavzusida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi.
Mazkur nufuzli tadbirda “Mehr” operatsiyasi orqali nizoli hududlardan qaytarilgan D.N oʻz chiqishida Oʻzbekistonda adashgan shaxslarga nisbatan qoʻllanilayotgan kechirimlilik va jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish siyosatining amaliy mohiyatini ochib bergani ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Shvetsiya rasmiylari va xalqaro ekspertlar Oʻzbekiston tajribasini yuqori baholadi. Riksdagning “Shvetsiya – Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi rahbari, taniqli siyosatchi Byorn Syoder Oʻzbekistonning ekstremizmga qarshi kurashdagi ilgʻor tajribasini oʻrganish ikki davlat manfaatlariga mos ekanini taʼkidladi.
Shvetsiya TIVning dinlararo muloqot boʻyicha maxsus vakili, elchi Kristian Kamil oʻz nutqida “Mehr” operatsiyalarini radikallashuv ildiziga berilgan kuchli zarba deb atab, Oʻzbekiston tajribasi dinlararo muloqot xavfsizlikning eng mustahkam poydevori ekanini qayd etdi.
Shvetsiya xavfsizlik va taraqqiyot siyosati instituti direktori, siyosatshunos Svante Kornell Oʻzbekistonning musulmon dunyosi tarixidagi oʻrni va Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyatiga toʻxtalib, radikallashuvga qarshi maʼnaviy va ijtimoiy usullar bilan kurashish samaradorligini alohida eʼtirof etdi.