Jahon banki Oʻzbekistonda transport infratuzilmasini yaxshilash uchun 200 mln dollar ajratadi

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi Oʻzbekistonning Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan 200 mln dollarlik loyihani maʼqulladi.

Ushbu yangi loyiha doirasida viloyatdagi “M41” mintaqaviy avtomobil yoʻlining 91 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi. Maʼlumot uchun, ushbu yoʻl Oʻzbekistonni Tojikiston, Qirgʻiziston va Afgʻoniston bilan bogʻlaydi.

Bildirilishicha, dengizga chiqish yoʻliga ega boʻlmagan va xuddi shunday davlatlar bilan oʻralgan Oʻzbekiston Jahon bankining Logistika samaradorligi indeksida 2014-yildagi 129 oʻrindan 2023-yilda oʻz hududi ichida va uning chegaralari orqali tovarlarni tashish tezligi va ishonchliligi boʻyicha baholangan 139 ta davlat orasida 88 oʻringa koʻtarilgan.

Shuningdek, avtomobillar sonining jadal oʻsishi yoʻl infratuzilmasi rivojlanishidan ancha oldinda boʻlib, Oʻzbekiston transport tarmogʻiga yuklamani oshirayotgani ham qoʻshimcha qilingan.

Prognozlarga koʻra, respublikamiz boʻylab yuk tashish hajmining kutilayotgan oʻsishini qoplash uchun yoʻllarning oʻtkazuvchanligini sezilarli darajada, 2030-yilga kelib taxminan 500 foizga va 2050-yilga kelib 1 400 foizga oshirish lozim boʻladi.

“Aholi bandligini va xizmatlardan foydalanishini taʼminlash, ichki va xalqaro savdoni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekistonning raqobatbardoshligini oshirish uchun samarali hamda xavfsiz avtomobil va temir yoʻllar tarmogʻini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega,” – deya taʼkidlaydi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin.

Mazkur yangi loyiha besh yillik hisoblanib, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • Surxondaryo viloyatidagi M41 mintaqaviy avtomobil yoʻlining 91 kilometr qismini rekonstruksiya qilishda Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi huzuridagi “Avtoyoʻlinvest” agentligini qoʻllab-quvvatlash.
  • Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqishda koʻmaklashish.
  • “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (Oʻzbekiston temir yoʻllari kompaniyasi) biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy shaffoflikni oshirish, yoʻlovchi tashishni rejalashtirish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlarni moliyalashtirish.