Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 295 641 ta yer uchastkasi (24,9 ming gektar) “Yerelektron” tizimiga kiritildi. Shundan 2025-yilning oʻzida 66 287 ta yer uchastkasi auksion savdolariga chiqarildi. Bu haqda bugun, 16-mart kuni boʻlib oʻtgan Kadastr agentligi tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, paxta va gʻalla yetishtirishdan boʻshagan past hosilli yerlarni dehqon xoʻjaliklariga ajratish doirasida 261 ming gektar yer hokimliklar zaxirasiga qaytarilgan. Bu esa belgilangan rejaning 103 foizini tashkil etgan.
2025-yilda oʻtkazilgan auksion savdolari natijasida 858 349 ta yer uchastkasi boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, 841 275 ta ijara shartnomasi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.
Bildirilishicha, yil davomida geodeziya va kartografiya sohasida ham qator ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, 131,2 ming kv.km hududda aerofotosuratga olish ishlari bajarilgan, 121 ming kv.km hudud uchun ortofotoplanlar tayyorlangan va 67,4 ming kv.km hududda deshifrovka ishlari olib borilgan.
Shuningdek, 85 ming kv.km hududda topografik xaritalar yangilandi, 75,7 ming kv.km hududga oid xaritalar nashrga tayyorlandi hamda 105 182 ta geografik obyekt nomi davlat ekspertizasidan oʻtkazildi.
Kadastr agentligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi – axborot siyosati boʻyicha direktor maslahatchisi Neʼmat Atamuratovning maʼlum qilishicha, amalga oshirilgan ishlar natijasida kadastr sohasida raqamlashtirish darajasi sezilarli oshgan.
— 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar natijasida davlat xizmatlari yanada soddalashtirildi, yer va koʻchmas mulk hisobini yuritishda shaffoflik taʼminlandi hamda yer resurslaridan samarali foydalanish imkoniyatlari yanada kengaydi, — dedi Neʼmat Atamuratov. — Mazkur yoʻnalishdagi ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.