Oʻzbekiston boʻylab koʻchat ekish aksiyasi oʻtkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevining “2026-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qaroriga koʻra Oʻzbekistonda Navroʻz umumxalq bayrami keng miqyosda nishonlanadi. Shu munosabat bilan bayram arafasida barcha hududlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlari boʻlib oʻtadi. Bu haqda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 13-14-mart kunlari umumxalq xayriya hashari tashkil etiladi. Hashar doirasida respublikaning barcha hududlari, koʻcha va maydonlar, mahalla, tuman (shahar)lar chiqindilardan tozalanadi va daraxtlar parvarishiga alohida eʼtibor qaratiladi.

Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Men ham koʻchat ekaman” aksiyasi tashkil etiladi va barcha belgilangan hududlarda daraxt va buta koʻchatlari oʻtqaziladi.

“Qadrli yurtdoshlar! Barchangizni ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga chaqiramiz. Yurtimiz obodligi, yashillik darajasining yanada oshishiga oʻz hissangizni qoʻshing!” deyiladi qoʻmita xabarida.