Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi poytaxtning dizayn-kodini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi. “Toshkent Invest Kompaniyasi” buyurtmasiga koʻra SM International kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjatda shahar hokimligining takliflari ham toʻliq inobatga olingan. Mazkur qaror jamoat joylarini rejalashtirish, shahar dizayni elementlarini joylashtirish, tijorat obyektlarini bezash hamda shaharning vizual identifikatsiyasiga oid muhim qoidalarni belgilab beradi. Shuningdek, hujjatdan dizayn elementlari kataloglari, turistik va gastronomik koʻchalar roʻyxati hamda obodonlashtirish va sanitariya tozaligi uchun ekspluatatsiya yigʻimi miqdorlari ham oʻrin olgan.
Yangi tartibga koʻra, poytaxtdagi tuman hokimliklari ikki oy muddat ichida bosh arxitektorlar nazorati ostida jamoat joylari chegaralari sxemalarini ishlab chiqishi lozim. Arxitektura va shaharsozlik kengashi esa mavsumiy savdo, xizmat koʻrsatish obyektlari va qurilish-montaj ishlarini loyihalashtirishda dizayn-kod talablariga rioya etilishini qatʼiy nazorat qiladi. Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimligi yoʻllar, piyodalar yoʻlakchalari va boshqa infratuzilma elementlarini qurish yoki rekonstruksiya qilishda ushbu qoidalarga amal qilinishini taʼminlaydi. Toʻrt oy ichida esa shaharda manzil koʻrsatkichlari va navigatsiya elementlarini tasdiqlangan standartlar asosida yangilash dasturi ishlab chiqiladi.
Eʼtiborli jihati, dizayn-kod talablari kapital qurilishga oid shaharsozlik normalariga integratsiya qilinadi va bino tashqi koʻrinishini oʻzgartirish, yengil konstruksiyalar oʻrnatish, koʻkalamzorlashtirish hamda reklama elementlarini joylashtirishda barcha tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslar uchun majburiy hisoblanadi. Kengash qarori rasman eʼlon qilinganidan uch oy oʻtgach kuchga kiradi, bu esa poytaxtning tashqi qiyofasini tizimli ravishda yagona standartga keltirish imkonini beradi.