2026-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining doimiy aholisi soni 38 million 236,7 ming nafarni tashkil etdi. Bu haqida Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumot berdi.
Doimiy aholi sonining 18 million 979,0 ming nafarini ayollar tashkil qilib, bu umumiy aholining 49,6 foiziga toʻgʻri keladi. Erkaklar soni esa 19 million 257,7 ming nafar boʻlib, ularning ulushi 50,4 foizni tashkil etgan.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, shahar joylarda 19 million 471,7 ming nafar, qishloq joylarda esa 18 million 765,0 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda.
2025-yil davomida mamlakat boʻylab 267,1 mingta nikoh qayd etilgan. Shu bilan birga, 46,9 mingta nikohdan ajralish holatlari roʻyxatga olingan.
Tashqi migratsiya koʻrsatkichlariga koʻra, hisobot davrida Oʻzbekistonga 1 159 nafar shaxs koʻchib kelgan boʻlsa, 10 117 nafar fuqaro mamlakatdan chiqib ketgan.