O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

Muloqot davomida qishloq xo‘jaligining qator yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Akmal Qosimov Xitoy Xalq Respublikasining “Wanlin Group” kompaniyasi rahbari Li Yantao boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot davomida qishloq xo‘jaligining qator yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga alohida e’tibor qaratdilar.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, xitoylik investorlar mamlakatimizda don va dukkakli ekinlar, sabzavot mahsulotlarini zamonaviy texnologiyalar asosida yetishtirish, shuningdek, yuqori nasldor chorva mollarini parvarishlash orqali go‘sht va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish niyatida. 

Shu maqsadda delegatsiya a’zolari Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan lalmi va yaylov yerlarini ko‘zdan kechirdi, mavjud infratuzilma imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.

Suhbat davomida chorvachilikni rivojlantirish, yerlarni kompleks o‘zlashtirish, agrosanoat zonasini tashkil etish, unda sut mahsulotlari ishlab chiqarish, urug‘chilik, don va sabzavot yetishtirish hamda ularni qayta ishlashga qaratilgan qator investitsiya loyihalari taklif etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishlarda hamkorlikni izchil rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va o‘zaro manfaatli sheriklikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.