Toshkent shahrida Xitoy – Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi ochildi

Ko‘rgazmada Xitoyning 200 ta yetakchi korxonasi va sifatli mahsulotlari taqdim etildi

Toshkent shahrida Xitoy–Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi ochildi

2025-yil 16-sentyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro ko‘rgazma markazida Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (CCPIT) tashabbusi bilan tashkil etilgan 2025-yilgi Xitoy–Markaziy Osiyo O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi. Tadbirda Xitoy Xalqaro Savdo-sanoat Kengashi (ССPIT) ko‘rgazmalar departamenti direktori o‘rinbosari Chjan Shujin, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Alisher Shayxov, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi birinchi kotibi Lyu Yan, O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Otabek Razikov hamda O‘zbekiston avtomobil savdosi assotsiatsiyasi bosh direktorio‘rinbosari Muhammad Maxmudov  ishtirok etdi. Ushbu ko‘rgazma raqamli iqtisodiyot, yashil energiya va aqlli ishlab chiqarish kabi ilg‘or yo‘nalishlarga e’tibor qaratib, Xitoy–O‘zbekiston har tomonlama strategik sherikligini yanada chuqurlashtirishni maqsad qilgan. Yuqori darajadagi namoyish va chuqur muloqot orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish ko‘zda tutilmoqda.


Ko‘rgazmada Xitoyning qariyb 200 ta yetakchi korxonasi va sifatli mahsulotlari taqdim etildi. Ularga sanoat yetakchilari — “Gree” kompaniyasining “Aqlli uy yechimlari”, “Hisense” kompaniyasining Ultra-aniq displey texnologiyasi, shuningdek, tor soha liderlari — “Zhejiang Hangcha” kompaniyasining “Yangi avlod elektrokarasi” va “DEEP Robotics” kompaniyasining “Biomimetik robotlari” kiradi. Ishtirokchi kompaniyalar tarkibi nihoyatda kuchli bo‘ldi. Shu bilan birga, yuqori texnologiyali korxonalar va o‘z brendlariga ega innovatsion subyektlar ham o‘zlarining ilg‘or texnologik yutuqlari bilan birgalikda qatnashdilar. Ko‘rgazmada aqlli ishlab chiqarish, yashil energiya, raqamli savdo kabi olti yirik maxsus bo‘lim hamda Milliy Imij ko‘rgazma hududi tashkil etildi. Umumiy ko‘rgazma maydoni 4800 kvadrat metrni tashkil etdi. Namoyish etilgan mahsulotlar xilma-xil bo‘lib, ko‘plab ommabop yo‘nalishlarni qamrab oldi. Ular Xitoy korxonalarining texnologik innovatsiyalar va sanoat modernizatsiyasi sohasidagi muhim yutuqlarini har tomonlama ko‘rsatdi va Xitoy sanoat zanjirining yuqori darajaga hamda yashil rivojlanishga o‘tishdagi amaliy natijalarini yaqqol namoyon etdi.



Ko‘rgazma doirasida Xitoy–O‘zbekiston savdo va investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat rahbarlari, savdo-sanoat uyushmalari vakillari hamda biznes yetakchilari bir joyga to‘planib, chuqur muloqot olib bordilar. Brendlar bo‘yicha talab va taklif anjumanida joyida qariyb yuzta xarid ehtiyojlari e’lon qilindi, ular Xitoy–O‘zbekiston savdosidagi dolzarb tendensiyalarga aniq moslashtirildi va uzoq muddatli hamkorlik mexanizmini shakllantirishga ko‘mak berdi.


Tadbir Xitoy–Markaziy Osiyo sammiti natijalarini mustahkamlash va SHHT sammiti ruhini amalda ro‘yobga chiqarishning muhim tashabbusi hisoblanadi. U Xitoyning O‘zbekiston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan savdo aloqalari va ko‘p sohalardagi hamkorligini rivojlantirishga ko‘maklashadi hamda yanada yaqinroq Xitoy–Markaziy Osiyo taqdir hamjamiyatini barpo etishga hissa qo‘shadi. Ushbu ko‘rgazma Xitoy kompaniyalari uchun Markaziy Osiyo bozorini kengaytirishning muhim strategik maydonigina emas, balki O‘zbekiston sanoatini modernizatsiya qilish uchun ham muhim tayanch bo‘lib xizmat qiladi. Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish kengashi (CCPIT) ko‘prik vazifasini davom ettiradi, savdoni rivojlantirish tarmog‘ini yanada takomillashtiradi, Xitoy va O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot, yangi energiya va boshqa sohalarda ko‘proq ramziy hamkorlik natijalariga erishishiga ko‘maklashadi hamda Xitoy–O‘zbekiston taqdir hamjamiyatini barpo etishga o‘z hissasini qo‘shadi.

Ko‘rgazma 18-sentyabrga qadar davom etadi va shu vaqt mobaynida bir nechta sohaviy taqdimot va uchrashuvlar kabi qo‘shimcha tadbirlar ham o‘tkaziladi.