Oʻzbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi jiddiy jarohat oldi

Yuzaga kelgan holat tufayli Masharipov mavsumning birinchi qismini oʻtkazib yuborishi kutilmoqda.

Jaloliddin
Jaloliddin

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi va Eronning “Istiqlol Tehron” klubi futbolchisi Jaloliddin Masharipovning jarohati jiddiy boʻlib chiqdi. Bu haqda Eronning Tasnim axborot agentligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Masharipov jamoasining Turkiyadagi yigʻini vaqtida tizzasidan jarohat olgandi. Jamoa shifokorlari dastlabki tekshiruvdan soʻng, uning tizza toʻr pufagi yorilganini maʼlum qilishdi. Ammo futbolchi oʻzini yaxshi his qilayotganini va tizzasida bunday jarohat yoʻqligini aytdi.

Shundan soʻng, klub uni tinchlantirish maqsadida boshqa joyda tibbiy tekshiruvdan oʻtkazdi va bu gal endi Jaloliddinning jarohati jiddiy ekani maʼlum boʻldi.

Yuzaga kelgan holat tufayli Masharipov mavsumning birinchi qismini oʻtkazib yuborishi kutilmoqda. Klub uni roʻyxatdan chiqarib yubormoqchi.

Maʼlumot uchun, 2024-yilning fevralida “Istiqlol Tehron” bilan shartnoma imzolagan Masharipov shu vaqtga qadar jamoa safida 50 ta oʻyinda maydonga tushib, 3 ta gol urishga muvaffaq boʻlgandi.