Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor saidov AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan birgalikda “C5+1” vazirlar uchrashuvi doirasida tashkil etilgan “Oʻzbekiston va AQSH: asrlar va qitʼalar osha mushtarak tarix” koʻrgazmasida ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, ikki davlat xalqlari oʻrtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarning boy tarixini yorituvchi ushbu koʻrgazmada Ahmad al-Fargʻoniyning ilmiy merosi, Edgar Allan Poning Amir Temurga bagʻishlangan sheʼriy toʻplami, amerikalik sayohatchilarning oʻlkamiz haqidagi asarlari va boshqa bebaho meros namunalari oʻrin olgan.
Shuningdek, 1973-yilda yoʻlga qoʻyilgan Toshkent–Sietl birodarlik aloqalariga oid materiallar ham koʻrgazma qilinmoqda.
“Mushtarak tariximizni chuqur oʻrganish va keng targʻib etish xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro anglashuvni mustahkamlab, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi hamkorligimiz uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, deb yozadi Baxtiyor saidov.