11
11

Qoraqalpogʻistonda yangi gaz-kondensat koni ochildi

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanidagi Qoratov maydonida sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz va kondensat oqimi olindi. Bu haqda «Oʻzbekneftgaz» xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Ustyurt hududining markaziy qismida joylashgan maydonda olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida quyi yura qatlamlarida sanoat ahamiyatiga ega tabiiy gaz uyumlari aniqlangan.

Qoratov maydonidagi 1-sonli izlov qudugʻi 4860 metr chuqurlikkacha burgʻilangan. 3 oktyabr kuni quduqni sinash jarayonida quyi yura qatlamlarining 3273–3213 metr chuqurlik oraligʻidan tabiiy gaz va kondensat oqimi olingan. Shu tariqa yangi Qoratov gaz-kondensat koni ochilgan.

Rejaga koʻra, yil yakuniga qadar maydonda 2-sonli izlov qudugʻini burgʻilash ishlarini yakunlash, shuningdek, 3 va 4-sonli izlov-qidiruv quduqlarini burgʻilashni boshlash rejalashtirilgan.

Kompaniyaga koʻra, Qoratov maydonida olingan geologik natijalar Ustyurt mintaqasida chuqur qatlamlarni oʻrganish boʻyicha yangi istiqbolli yoʻnalishlarni aniqlash imkonini beradi.