Tadbirda Davlatimiz rahbari tomonidan Saudiya Arabistonining “Acwa” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan, quvvati 1,5 GVt boʻlgan “Qoʻngʻirot” shamol elektr stansiyasi (SHES) qurilishiga rasman start berildi. Ushbu obyekt MDH hududidagi eng yirik shamol energetikasi loyihasiga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev sohadagi islohotlar haqida toʻxtalib, shunday taʼkidladi:
“Qisqa vaqt ichida “yashil” energetikaning ulushi 40 foizga yetgani — mehnatkash, saxovatli va qalbi ochiq xalqimizning fidokorona mehnati natijasidir”.
“Qoʻngʻirot” SHES 1,5 GVt quvvatga ega boʻlib, tarkibida 300 MVt quvvatdagi energiya saqlash tizimini (BESS) ham mujassam etadi. Ishlab chiqarilgan energiyani mamlakat yagona elektr energetika tizimiga ulash uchun 1,5 ming kilometrga yaqin yuqori kuchlanishli uzatish liniyalari, 500 kV kuchlanishdagi 3 ta kommutatsiya podstansiyasi quriladi hamda yana 2 ta podstansiya modernizatsiya qilinadi. Qurilishning eng yuqori bosqichida 4 000 ta ish oʻrni yaratiladi. Loyihani mahalliylashtirish hajmi 750 million dollarni tashkil etib, mahalliy pudratchilar va mutaxassislarga keng imkoniyatlar ochadi.
Hozirda Beruniy va Qoraoʻzak tumanlarida umumiy quvvati 300 MVt boʻlgan “Nukus-1” va “Nukus-2” SHESlari hamda 100 MVtli energiya saqlash tizimlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
“Acwa”ning Markaziy Osiyo boʻyicha prezidenti Abid Malikning taʼkidlashicha, barcha loyihalar foydalanishga topshirilgach, kompaniyaning Qoraqalpogʻistondagi portfeli ikki baravardan koʻproqqa oshadi. Shuningdek, kompaniya soha uchun kadrlar tayyorlashga ham sarmoya kiritmoqda: hozirda Qoraqalpogʻistondan 78 nafar talaba Shirin kollejida tahsil olmoqda.
Amalga oshirilayotgan mazkur yirik tashabbuslar natijasida 2030-yilga borib Qoraqalpogʻistonda shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 3,3 GVtgacha, hududdagi “yashil” energiya ulushini esa 76 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan.