Zomin tumanining bir qator hududlarida tosh davriga oid yangi arxeologik obyektlar aniqlandi. Jizzax viloyati Bu haqda Madaniy meros agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, joriy yil sentyabr oyida Madaniy meros agentligi hamda Ya. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti xodimlari tomonidan Jizzax viloyatining Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida arxeologik dala-qidiruv ishlari olib borilgan.
Tadqiqotlar davomida Zomin tumanining bir qator hududlarida tosh davriga oid yangi arxeologik obyektlar aniqlandi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Achchi qishlogʻining sharqiy qismida paleolit davriga, Peshagor qishlogʻida esa neolit davriga oid makonlar qayd etilgan.
Shuningdek, Achchi qishlogʻining gʻarbiy qismi hamda Arja qishlogʻi hududlarida neolit davriga mansub topilmajoylar aniqlangan.
Mutaxassislarning dastlabki bahosiga koʻra, bir hududda paleolit va neolit davrlariga oid yodgorliklarning aniqlanishi Zomin vohasi va Turkiston tizmasining ushbu qismida qadimgi jamoalar uzoq tarixiy davrlar davomida yashaganidan dalolat beradi. Yangi topilmalar tosh davri jamoalarining tarqalishi, yashash muhiti va xoʻjalik faoliyatini oʻrganishda muhim ilmiy manba boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Shu bilan birga, dala-qidiruv ishlari davomida Sharof Rashidov tumanining Ravot qishlogʻi hududida, Ravotsoyning chap sohilidan ham yangi qoyatosh suratlari majmuasi aniqlangan.
Yettita slanes qoyatosh yuzasida jami 30 ga yaqin petroglif qayd etildi. Ular orasida ovchi, togʻ echkisi, qoramol, it, quyoshsimon belgi hamda kamondan oʻq uzayotgan ovchi tasvirlari bor.
Dastlabki tahlillarga koʻra, mazkur petrogliflar bronza davridan ilk oʻrta asrlargacha boʻlgan davrlar bilan bogʻlanadi.
Qayd etilgan yangi arxeologik obyektlar va petrogliflar Jizzax vohasi hamda Turkiston tizmasining qadimgi tarixini, xususan, ushbu hududlarda qadimgi jamoalarning yashash tarzi, tarqalishi va madaniy jarayonlarini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega.
Kelgusida mazkur yodgorliklarda keng koʻlamli arxeologik tadqiqotlar oʻtkazish, topilmalarni davrlashtirish, ilmiy hujjatlashtirish hamda ularning tarixiy-madaniy ahamiyatini chuqur oʻrganish rejalashtirilgan.