Jizzax shahridagi “Oʻrda” istirohat bogʻida attraksion sinib ketishi oqibatida 4 kishi jarohatlandi. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, baxtsiz hodisa kecha, 10-iyun kuni taxminan soat 21:44 da sodir boʻlgan. “Oʻrda” ekologik madaniyat va istirohat bogʻidagi “Niyatjon niyati” MCHJga tegishli boʻlgan, 2019-yilda ishlab chiqarilgan 16 oʻrindiqli “Bashnya padeniya” attraksionida texnik nosozlik yuzaga kelgan.
Hodisa oqibatida jami 4 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. Bildirilishicha, hozirgi vaqtda jabrlanganlar mahalliy shifoxona masʼullari nazoratida.
Qayd etilishicha, mazkur attraksionda navbatdagi texnik koʻrik 2025-yil 5-noyabrda oʻtkazilgan. Hozirda holat yuzasidan mutasaddi masʼul organlar tomonidan tergovga qadar dastlabki oʻrganish va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.