11
11

Jizzaxda asalarichilik maktabi ochiladi

Seminar shunchaki nazariy maʼruzalardan iborat boʻlmadi. Unda amaliy tajriba va jonli muloqot vositasida asalarichilikning imkoniyatlari hamda sohani rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, yosh tadbirkorlar va mazkur sohada yillar davomida mehnat qilgan tajribali asalarichilarning fikr-mulohazalari tinglandi.

— Biz Jizzaxdagi namunali tajribalar va asalarichilikni rivojlantirish yoʻnalishidagi ishlarni mamlakatimiz miqyosida ommalashtirish boʻyicha amaliy tadbirlarni olib boryapmiz, — deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutaxassisi Furqat Qodirov. — Tadqiqotlar va amaliy ishlar natijalariga koʻra, kelgusi yilda Jizzax viloyatida respublika darajasidagi asalarichilik maktabini tashkil etish koʻzda tutilmoqda. Unda, avvalo, asalarichilikka qiziquvchi yoshlar va soha mutaxassislarini jalb etib, ularning nazariy bilimlari hamda amaliy koʻnikmalarini oshirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Amaliy seminar davomida Toshkent davlat agrar universitetining tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan asalari oilalarini parvarishlash va koʻpaytirish, asal olish samaradorligini oshirish, asalarilarni har xil kasalliklardan himoya qilish hamda mahsulot sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

Bunday amaliy platformalar yoshlarning biznes koʻnikmalarini shakllantiribgina qolmay, hududlarda zamonaviy va yuqori daromadli asalarichilik tarmogʻini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi shubhasiz.