Samarqandda chiqindini qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etilmoqda

Maʼlumotlarga koʻra, bugun respublikamizda faoliyat yuritayotgan 270 ta chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalar tomonidan bir oyda yigʻilgan 14 million tonna chiqindining 5,5 foizga yaqinigina qayta ishlanadi, xolos. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Ana shu yoʻnalishdagi ishlarni kengaytirish maqsadida Samarqandda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoyning “Shanghai SUS Environment Co Ltd” kompaniyasi bilan hamkorlikda chiqindini qayta ishlab, elektr energiyasi olishga ixtisoslashgan qoʻshma korxona tashkil etilmoqda.

“Shanghai SUS Environment Co., Ltd.” kompaniyasi 2008-yildan boshlab Oʻzbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda. U keng qamrovli global kompaniya boʻlib, faoliyati investitsiyalar, chiqindilarni qayta ishlab, elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihalari, ulardan foydalanish va texnologik takomillashtirish, ishlab chiqarish jarayonida ajralib chiquvchi zararli chiqindilarni kamaytiruvchi uskunalar ishlab chiqarish va ekosanoat parklarini qurish bilan bogʻliq. Kompaniya 2023-yilda butun dunyo boʻylab 78 ta WtE loyihasiga sarmoya kiritgan.

“Yashil iqtisodiyot” tamoyillariga mos keluvchi mazkur zamonaviy loyiha orqali kuniga 1,5 ming tonna chiqindi termik qayta ishlanib, yiliga 240 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

- Joriy yil yakunida ishga tushishi rejalashtirilgan korxonamiz Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi, — deydi “Shanghai SUS Environment” LLC kompaniyasi qurilish boʻyicha bosh direktori Yu.Jeng. — Hozirgi vaqtga qadar 50 foizga yaqin qurilish ishlari bajarildi. Bunyodkorlik jarayonida ikkala davlatdan oʻnlab maxsus texnika va 250 nafar quruvchi mehnat qilishmoqda.

Muhimi, 150 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi koʻzda tutilgan loyihaga 150 million dollar miqdorida investitsiya jalb etilgan.