Samarqand viloyatining Nurobod tumanida Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi bilan hamkorlikda yirik energetika loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Loyiha doirasida 1 000 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasi, 1 336 MVt·soat sigʻimga ega energiya saqlash tizimi hamda yangi elektr uzatish tarmoqlari barpo etilmoqda.
Loyihaning asosiy qismlaridan biri — Nurobod tumanidan Toshkent viloyatidagi «Halqa» podstansiyasigacha boʻlgan 350 kilometrlik ikki zanjirli 500 kV elektr uzatish tarmogʻidir. Tarmoq Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hududidan oʻtadi. Hozirda uning tayanchlari uchun poydevor qurish ishlari yakunlanib, tayanchlarni oʻrnatish boshlangan.
Vazirlik maʼlumotiga koʻra, mazkur loyihada Markaziy Osiyoda ilk bor yangi konstruksiyadagi ikki zanjirli 500 kV elektr uzatish tayanchlari qoʻllanilmoqda. Ularning texnik yechimlari Hindistonning «Larsen & Toubro» kompaniyasi tomonidan sinovdan oʻtkazilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida 150 kilometrlik 220 kV elektr uzatish tarmogʻi ham qurilmoqda. Uning qurilish ishlari 50 foizga bajarilgan boʻlib, tarmoqni 2027 yil may oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. 500 kVli Nurobod — «Halqa» tarmogʻi qurilishini esa 2028 yilning birinchi choragida yakunlash koʻzda tutilgan.
Yangi tarmoqlar Nuroboddagi quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimini yagona elektr tarmogʻiga ulash, shuningdek, ishlab chiqarilgan elektr energiyasini Toshkent shahri, Toshkent viloyati va vodiy viloyatlariga uzatish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu hududlarda elektr taʼminoti barqarorligi va ishonchliligini oshirishga yordam beradi.