11
11

Samarqandda Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumining yakuniy yalpi majlisi boʻldi

Samarqanddagi yakuniy yalpi majlis parallel tarzda tashkil etilgan shoʻba sessiyalari natijalari boʻyicha umumiy xulosalar va takliflar taqdimotidan boshlandi. Barcha sessiyalar moderatorlari ayni masala yuzasidan soʻzga chiqdilar.

Forum davomida ana shu taqdimotlar asnosida bildirilgan xulosa va takliflar inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini mustahkamlash nuqtayi nazaridan umumlashtirildi. Yakuniy hujjatda aks ettiriladigan amaliy tavsiyalar shakllantirildi.

Oʻz navbatida, “Samarqand tasavvuri — 2040: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yoʻlidagi global hamkorlik” nomli Yakuniy hujjat loyihasi Forum ishtirokchilari eʼtiboriga havola etildi. Uni Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov taqdim etdi.

Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumining Yakuniy hujjatida “Strategik tasavvur” iborasining qoʻllanilgani bejiz emas. Chunki ayni hujjat inson qadr-qimmati va tenglikni taʼminlash, inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini mustahkamlash hamda barqaror taraqqiyotni ragʻbatlantirish yoʻlida xalqaro hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yoʻnalishlarini belgilashga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.

Forum ishtirokchilari eʼtirof etganlaridek, joriy yilda Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumiga asos solinganiga 8-yil boʻldi. Anʼanaviy tarzda har ikki yilda oʻtkazib kelinayotgan ushbu xalqaro anjuman qisqa vaqt ichida inson huquqlarining turli sohalariga taalluqli dolzarb masalalarni muhokama etish va samarador yechimlar topish borasida dunyo miqyosida kam uchraydigan noyob, qulay va oʻziga xos muloqot maydoniga aylandi.

Dastlab 2018-yilda Samarqandda Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi oʻtkazildi. 2020-yilda yoshlar huquqlariga, 2022-yilda esa inson huquqlari sohasidagi taʼlim masalalariga bagʻishlangan forumlar tashkil etildi. 2024-yilgi toʻrtinchi Samarqand forumida ekologik tahdidlar va ularning inson huquqlariga taʼsiri muhokama qilindi. Beshinchi Samarqand forumi ana shu ezgu anʼananing mantiqiy davomi boʻldi.

Bugun insoniyat murakkab va bir-biri bilan chambarchas bogʻlangan global sinovlarga duch kelmoqda. Ayniqsa, sunʼiy intellekt va yangi raqamli texnologiyalarning jadal rivoji inson hayoti uchun ulkan imkoniyatlar bilan bir qatorda yangi huquqiy va axloqiy xavf-xatarlarni ham yuzaga chiqarmoqda.

Shu bois inson huquqlarini himoya qilishning universal tizimini zamonaviy voqeliklar asosida takomillashtirish bugungi kunning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Inson huquqlari boʻyicha beshinchi Samarqand forumi dasturi ham aynan shu maqsad va vazifalarga qaratildi. Forum ishtirokchilarining eʼtirof etishicha, ushbu yirik xalqaro tadbirni oʻtkazishdan kutilgan maqsad va natijalarga erishildi.