11
11

Samarqand yana bir nufuzli anjumanga mezbonlik qilmoqda

Sharq sivilizatsiyasi chorrahasi boʻlmish qadimiy va navqiron Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining (AOKSI) “Raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov” mavzusiga bagʻishlangan nufuzli VII Kongressi oʻz ishini boshladi.

Dunyoning 20 dan ortiq davlatidan kelgan Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi huquqshunos olimlarni bir maydonga jamlagan mazkur anjuman global texnologik transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligi va inson qadr-qimmatini taʼminlashning yangi mexanizmlarini belgilab berishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Anjumanning rasmiy ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kongress ishtirokchilariga yoʻllagan tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Nodira Hakimova oʻqib eshittirdi.

Tabrikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan surishtiruv va sud-huquq islohotlarida inson huquqlari va sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash eng oliy ustuvor yoʻnalish ekani, raqamli texnologiyalar davrida konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish zamon talabi ekanligi alohida taʼkidlangan.

Ochilish marosimida, shuningdek, Assotsiatsiya Prezidenti, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulugʻbek Abdusalomov, xorijiy delegatsiyalar rahbarlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari qutlov nutqi bilan chiqish qildilar.

Kongressning birinchi kuni doirasida Assotsiatsiya Bosh kotiblari va Aʼzolar kengashining majlislari oʻtkazildi. Unda tashkilotning 2025-yildagi faoliyati yakunlari sarhisob qilinib, 2026-2027-yillarga moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlar, ilmiy-tadqiqot va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.

Aʼzolar kengashi yigʻilishida Assotsiatsiya aʼzoligi geografiyasini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, keyingi raislik masalasi hamda nufuzli anjumanning bosh hujjati — Samarqand deklaratsiyasi loyihasi muhokama qilinib, maʼqullandi.

Kunning ikkinchi yarmida oʻtkazilgan I yalpi majlis “Raqamli transformatsiya sharoitida sudyalar mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligi” mavzusiga bagʻishlandi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulugʻbek Abdusalomov va Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov asosiy va maxsus maʼruzalar bilan chiqish qildi. Shuningdek, Hindiston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tailand, Indoneziya, Myanma, Filippin, Rossiya va Ispaniya yurisdiksiyalari vakillari raqamli muhitda konstitutsiyaviy nazoratni samarali tashkil etish tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Muhokamalarda sudyalar mustaqilligiga texnologik aralashuvlarning oldini olish, kibermakonda inson huquqlarini himoya qilish kafolatlari hamda odil sudlovga erishishda raqamli yechimlarning oʻrni atroflicha tahlil qilindi.