11
11

Milliy sertifikat imtihonlarida oʻrinlar soni cheklanadi

Endilikda milliy sertifikat imtihonlariga roʻyxatdan oʻtish hududlardagi mavjud oʻrinlar soniga qarab amalga oshiriladi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur tartibdagi limitlar yuzasidan savollar va noroziliklar bildirilgach, Bilim va malakalarni baholash agentligi holatga izoh berdi.

Agentlikning maʼlum qilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 29-iyuldagi 411-son qarori bilan “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan. Unga muvofiq, test sinovlarini oʻtkazish joylari, hududlar boʻyicha oʻrinlar soni hamda imtihon sanalarini belgilash tartibi oʻzgargan.

Shundan kelib chiqib, 2026-yilning sentyabr–dekabr oylari uchun jami 496 ming 303 ta oʻtirish oʻrni belgilangan. Jumladan, sentyabr oyida 125 ming 753 ta, oktyabrda 129 ming 535 ta, noyabrda 112 ming 335 ta va dekabrda 128 ming 680 ta oʻrin ajratilgan.

Shu bilan birga, milliy sertifikat imtihonlarini oʻtkazish davriyligi ham oshirilgan. Xususan, sentyabr–dekabr oylarida matematika, kimyo, geografiya, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ikki martadan, huquqshunoslik fanidan esa bir marta imtihon oʻtkaziladi. Jami 15 ta imtihon tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Taqqoslash uchun, 2025-yilning sentyabr–dekabr oylarida jami 11 ta milliy sertifikat imtihoni oʻtkazilgan va ularda 255 ming 217 nafar talabgor ishtirok etgan.

Agentlikning taʼkidlashicha, hududlar kesimida oʻtirish oʻrinlarini belgilash talabgorlarning imtihonda ishtirok etishini cheklash yoki yuqori natija koʻrsatishi mumkin boʻlgan talabgorlar sonini sunʼiy ravishda qisqartirish maqsadini koʻzlamaydi.

Qayd etilishicha, mazkur tartib mavjud infratuzilma, texnik vositalar, xodimlar va nazorat resurslaridan oqilona foydalanish, imtihonlarni barqaror va sifatli tashkil etish, hududlar boʻyicha yuklamani maqbul taqsimlash hamda natijalarni belgilangan muddatlarda eʼlon qilishni taʼminlashga qaratilgan.