Namanganda Yevropa Ittifoqi davlatlari hamkorlikni kengaytiradi

Viloyat hokimligi Axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, viloyat hokimining elchilar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvida Yevropa kompaniyalari va investorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Muloqotda investitsiya, eksport, turizm, “yashil” texnologiyalar, zamonaviy agrotexnologiyalar, raqamlashtirish, taʼlim va kasbiy tayyorgarlik yoʻnalishlarida hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlandiki, keyingi besh yilda viloyatda 8,5 milliard dollardan ziyod toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb qilingani va ayni paytda Yevropa Ittifoqiga aʼzo davlatlar sarmoyasi ishtirokida 19 ta qoʻshma va xorijiy korxona faoliyat yuritayotgani bu borada yangi istiqbollarni belgilashga asos boʻla oladi.

Shuningdek, Yevropa bozori bilan savdo-iqtisodiy aloqalar ham kengayib bormoqda. 2020-yilda Namangan viloyatining Yevropa davlatlariga eksporti 10 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilda bu koʻrsatkich 36 million dollarga yetgan. Joriy yilning sakkiz oyida esa tashqi savdo aylanmasi 120,8 million dollarni, eksport hajmi 46 million dollarni tashkil etgan. Eksport geografiyasining kengayishi ham mazkur yoʻnalishdagi oʻsishni koʻrsatmoqda. 2020-yilda 85 ta mahalliy korxona Yevropa Ittifoqining 8 ta davlatiga mahsulot eksport qilgan boʻlsa, 2026-yilning sakkiz oyi yakunlariga koʻra, 215 ta korxona 18 ta davlat bozoriga mahsulot yetkazib bergan.

Uchrashuvda kelgusi hamkorlikni aniq amaliy loyihalar asosida rivojlantirish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi. Xususan, Yevropa moliya institutlari bilan Namangan viloyati uchun investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish, Finlyandiya bilan zamonaviy agrotexnologiyalar, “yashil” texnologiyalar va taʼlim, Ispaniya va Gretsiya bilan agrosanoat hamda turizm, Slovakiya bilan avtomobilsozlik va kasb-hunar taʼlimi, Polsha hamda Ruminiya bilan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, Latviya bilan raqamli iqtisodiyot, elektron tijorat, axborot texnologiyalari, raqamli davlat xizmatlari va zamonaviy taʼlim texnologiyalari boʻyicha hamkorlik qilish yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.