Fargʻonada Janubiy Koreya tajribasi asosida sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari sohasida ilgʻor tajribalar joriy etiladi

Tashrif doirasida Seul shahridagi Seoul National University of Science and Technology (SeoulTech) universitetida universitet prezidenti Kim Dong Xvan bilan uchrashuv oʻtkazildi. Muloqotda Fargʻona viloyati va SeoulTech oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikni yanada rivojlantirish, taʼlim va ilmiy-tadqiqot sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini samarali amalga oshirish masalalari xususida fikr almashildi.

Uchrashuvda bir qator istiqbolli sohalar qatorida zamonaviy texnologiyalar, sunʼiy intellekt va IT yoʻnalishlarida SeoulTech tajribasini Fargʻona viloyati oliy taʼlim muassasalari bilan keng tatbiq etish, yoshlarning ilgʻor bilim va amaliy koʻnikmalarni egallashi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, muloqot davomida Fargʻona viloyati delegatsiyasi universitetda faoliyat yuritayotgan sunʼiy intellekt markazlari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari hamda texnopark faoliyati bilan tanishdi.

— Bir asrdan ziyod tarixga ega ushbu oliy taʼlim muassasasi bilan Fargʻona viloyati hokimligi, Fargʻona davlat texnika universiteti oʻrtasida faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan, — deydi Fargʻona viloyati hokimining sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Bahromjon Jalilov. — Ayni paytda universitetda 29 nafar yurtimiz yoshlari taʼlim olayotgani ham mazkur hamkorlikning amaldagi yana bir samarasidir.

SeoulTech Janubiy Koreyada muhandislik, axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohalarida ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarni rivojlantirish boʻyicha katta tajribaga ega. Universitetda ushbu yoʻnalishlarga ixtisoslashgan kafedralar, tadqiqot markazlari va zamonaviy laboratoriyalardan iborat tizim shakllangan.

Xususan, universitetda AI Semiconductor Processing SW Research Center faoliyat yuritib, u sunʼiy intellekt uchun yarimoʻtkazgichlar, ularni qayta ishlashga moʻljallangan dasturiy texnologiyalar va dizayn yoʻnalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish hamda yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan.

Delegatsiyamizda katta qiziqish uygʻotgan Industrial Artificial Intelligence Laboratory esa sunʼiy intellekt texnologiyalarini sanoat korxonalariga joriy etishga koʻmaklashadi. Bu yerda ishlab chiqarish jarayonlarini intellektual boshqarish, uskunalardagi nosozliklarni oldindan aniqlash, mahsulot sifatini nazorat qilish, AI-agentlar va zamonaviy avtomatlashtirilgan ishlab chiqarish tizimlari boʻyicha tadqiqotlar olib boriladi.

SeoulTech tajribasining muhim jihatlaridan biri — taʼlim, ilm-fan, tadbirkorlik va ishlab chiqarish integratsiyasiga asoslangan samarali hamkorlik modeli yoʻlga qoʻyilganidir. Universitet texnoparki ilgʻor texnologiyalarni rivojlantirish, innovatsion gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi. Unda oʻnlab texnologik kompaniyalar va ilmiy-tadqiqot tuzilmalari faoliyat yuritmoqda.

Yuzma yuz muloqotlar davomida Fargʻona davlat texnika universiteti va SeoulTech oʻrtasidagi hamkorlik doirasida sunʼiy intellekt va axborot texnologiyalari sohasida qoʻshma ilmiy-tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, mutaxassislar tayyorlash va tajriba almashish hamda ilmiy ishlanmalarni sanoat korxonalariga tatbiq etish boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.