Qarorga koʻra, Toshkent shahridagi Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institut huzurida Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish mintaqaviy markazi (Markaz) tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi:
— maktabgacha taʼlim sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
— YUNESKOga aʼzo mamlakatlarning maktabgacha taʼlim dasturlari va usullari bilan bogʻliq qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish;
— bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etish;
— 2030-yilgacha maktabgacha taʼlim sohasidagi Toshkent deklaratsiyasi ijrosi yuzasidan monitoringni amalga oshirish va davriy hisobotlar tayyorlash;
— maktabgacha taʼlim sohasida pedagog kadrlarni qayta tayyorlashda yangi yondashuvlarni joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish, shuningdek, xalqaro trening, seminar va konferensiyalarni tashkil etish.