Oʻzbekistonda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha nafaqalarni tayinlash tartibi yanada takomillashtirildi. Bu haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 13-avgustdagi 440-son qarori bilan homiladorlik va tugʻish hamda vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalarini tayinlash boʻyicha yangi tartiblar belgilangan.
Unga koʻra, 6 oylik uzluksiz sugʻurta stajini hisoblash talabi yengillashtirilgan. Jumladan, endilikda mehnat munosabatlari saqlangan holda ish haqi toʻlanmagan oylar, shuningdek, oʻz hisobidan olingan taʼtil va kasallik davri sugʻurta stajining uzilishiga sabab boʻlmaydi.
Shuningdek, kam ish haqi oladigan va toʻliq boʻlmagan ish vaqtida mehnat qiladigan xodimlarning ham sugʻurta staji hisobga olinadi. Agar oylik ish haqi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga teng yoki undan yuqori boʻlsa, 1 oylik, undan kam boʻlsa, yarim oylik sugʻurta staji hisoblanadi.
Tugʻish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq farzand tugʻilgan hollarda dekret taʼtili uzaytirilsa, qoʻshimcha nafaqa avvalgi hisob-kitob koʻrsatkichlari asosida belgilanadi. Bu nafaqa miqdorining asossiz kamayib ketishining oldini oladi.
Yangi tartibning muhim jihatlaridan biri shundaki, uning natijasida qoʻshimcha 3 ming nafarga yaqin ayolda homiladorlik va tugʻish nafaqasini olish huquqi paydo boʻladi. Mazkur oʻzgarishlar 2026-yil 13-maydan boshlab yuzaga kelgan sugʻurta hodisalariga ham tatbiq etiladi.