Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi raqamlashtirish ustuvorligiga erishgan holda eksport-import tizimini tadbirkorlar uchun shaffof boʻlishiga astoydil intilmoqda. Birorta murojaat yoʻki, eʼtibordan chetda boʻlsin. Shuningdek qoʻmita ekspertlari Jahon savdo tashkiloti talablarini nazarda tutgan holda Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi toʻgʻrisidagi respublika qonunini tayyorlash borasida parlament qoʻmitalari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatgan. Bu haqda qoʻmita raisi Azizbek Urunovning meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, eksportchilar hamda tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi “Ochiq muloqot” da maʼlum qilindi. Tadbirda respublikamizning turli chekkalaridan 300 nafardan ortiq tadbirkorlar ishtirok etishdi.
—Davlatimiz rahbarining shu yil 12-maydagi PF–84-son Farmoni bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlashda huquqiy asos yaratilib, mutlaqo yangi davlat boshqaruvi tizimi joriy etildi, — dedi Azizbek Urunov. — Asosiy maqsad sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va oʻsimliklar karantini sohalarida yagona davlat nazorati yoʻlga qoʻyiladi. Shu bois sizni nima qiynamoqda, ayting, qonun doirasida koʻrib chiqamiz.
Tez orada yurtimizdagi barcha oziq-ovqat biznesi operatorlarining yagona elektron reyestri shakllantirilib, ular xavf darajasiga qarab “past”, “oʻrta” va “yuqori” toifalarga ajratiladi. Shuningdek, fitosanitariya, veterinariya va sanitariya sohalaridagi axborot tizimlari negizida Foodsafe.uz yagona elektron platformasi ishga tushirilmoqda. Shu tariqa barcha davlat idoralari virtual tarzda oʻzaro integratsiya qilinadi hamda tadbirkorlar barcha ruxsat beruvchi hujjatlarni “bir ariza” tamoyili asosida rasmiylashtirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu mahsulotlarning chegaralarda ortiqcha ushlanib qolishiga barham berish, tez buziladigan meva-sabzavotlarni tashqi bozorlarga tezkor yetkazish demakdir.
Uchrashuvda davlat xizmatlarini koʻrsatish muddatlarini qisqarish boʻyicha ham choralar koʻrilayotgani haqida xabardor qilindi. Jumladan, xavfi past fitosanitariya mahsulotlarini tekshirish muddati 3 kundan 1 kunga, veterinariya sohasida import tekshiruvlari 18 kundan 10 kunga, xorijiy eksportchilarni reyestrga kiritish 250 kundan 60 kunga qisqartiriladi. Eksport uchun veterinariya ruxsatnomasini berish muddati 2 kundan 1 kunga, litsenziyalarni rasmiylashtirish esa 10 kundan 5 kunga tushiriladi. Natijada mahsulotlarni omborlarda ortiqcha saqlash bilan bogʻliq yillik 92 milliard soʻm pul tadbirkorlarning oʻzida qoladi.
Qoʻmita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi masalalari boʻyicha Maslahat kengashi ham tashkil etilayotgani maʼlum qilindi. Kengash sohadagi tizimli muammolarni muhokama qilish, qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish hamda davlat organlari bilan biznes oʻrtasida doimiy muloqot maydonini shakllantirishga xizmat qiladi.
—Faoliyatimizning nechogʻlik natijador boʻlishi avvalo, oʻzimizga bogʻliq. Sifatga ustuvorlik berib tashqi bozorlar talabini chuqur oʻrgansak, mahsulotlar eksportida ixtisoslashuvni qoʻllay bilsak, yutuq bizniki. Tadbirkorlik faoliyatingizni yanada kengaytirishda esa qoʻmitamiz sizga eng yaqin koʻmakchi boʻladi. Biz kelgusida muammo va kamchiliklarga barham beradigan mana shunday suhbatlarimizni har bir viloyatda tashkil etamiz. Faqat davlatimiz rahbari talab qilayotganidek vatanimiz taraqqiyoti yoʻlida yanada jonkuyar, tashabbuskor boʻlsangiz bas, — dedi tadbir soʻnggida Azizbek Urunov.