Toshkentda kanalda choʻkayotgan ayol va uni qutqarishga uringan Milliy gvardiya xodimi halok boʻldi

Toshkentdagi Xotira xiyoboni yaqinidagi Boʻzsuv kanaliga oʻzini tashlagan ayol va uni qutqarishga uringan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi halok boʻldi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, Milliy gvardiyaning Toshkent shahar boshqarmasi harbiy xizmatchilari kanalda suv oqimi boʻylab oqib ketayotgan ayolni koʻrib qolgan. Xizmatchilardan biri uning hayotini saqlab qolish maqsadida darhol suvga tushgan.

Biroq kanaldagi kuchli oqim tufayli ayolni qutqarishning imkoni boʻlmagan. Oqibatda ayol ham, uni qutqarishga uringan harbiy xizmatchi ham halok boʻlgan.

Maʼlum qilinishicha, halok boʻlgan harbiy xizmatchi 2005-yilda tugʻilgan boʻlib, yaqin kunlarda uning toʻyi oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlgan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, ayolning jasadi voqea sodir boʻlgan kuniyoq topilib, yaqinlariga topshirilgan. Harbiy xizmatchining jasadi esa qutqaruv xizmatlari tomonidan olib borilgan qidiruv ishlari natijasida aniqlangan.