Jazoirning Oʻzbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Jazoirning yangi elchisi Jamila Ashurni qabul qildi. Bu haqida “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston TIV rahbari Jazoirning Oʻzbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Jamila Ashurdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olgan.

Shuningdek, uchrashuv davomida joriy yil iyun oyida Jazoirga amalga oshirilgan rasmiy tashrif yakunlari hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

“Savdo-iqtisodiy, investitsiya, taʼlim, madaniyat va boshqa istiqbolli yoʻnalishlardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyor ekanimizni bildirdik. Elchi xonimga Oʻzbekistondagi masʼuliyatli va sharafli faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deydi Saidov.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 30-iyunda oʻrnatilgan. Jamila Ashur 2023-2026-yillarda Jazoir elchixonasiga rahbarlik qilgan Mohamed Irki oʻrniga tayinlangan. 2026-yil may oyida Jazoirda Oʻzbekistonning birinchi elchisi Mansurbek Qilichev akkreditatsiyadan oʻtgan.