Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar va muhojirlar masalalari boʻyicha vaziri Ayman Safadi bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat davomida oʻtgan yili Samarqandda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston–Iordaniya keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilinib, oliy va yuqori darajadagi boʻlajak tashriflar hamda boshqa qoʻshma tadbirlar jadvali koʻrib chiqildi.
Shuningdek, ikki tomonlama muloqotlar va oʻzaro almashinuvlar faol tus olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Siyosiy muloqotlarni yanada faollashtirish, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi yaqin muvofiqlashtirishni kuchaytirish muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-logistika, turizm, qishloq xoʻjaligi, taʼlim hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha aniq amaliy qadamlar belgilab olinib, Amman–Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovining yoʻlga qoʻyilgani va Ishbilarmonlar kengashi faoliyati mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.






Bundan tashqari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati va boshqa koʻp tomonlama platformalar doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligimizni tasdiqladik. Iordaniyani Oʻzbekistonning Yaqin Sharqdagi muhim va ishonchli hamkori deb bilamiz hamda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikni yangi mazmun bilan boyitish yoʻlida birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni izchil davom ettiramiz”, — deydi Saidov.