Bugun, 2-iyul kuni Toshkent shahri hamda viloyatlarda kuchli shamol kuzatilishi mumkin. Shu munosabat bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi ehtiyot choralariga qatʼiy amal qilishga chaqirdi.
Unga koʻra, kuchli shamol vaqtida eshik, deraza hamda ventilyatsiya tizimlarini mahkam yopish, elektr va gaz jihozlarini oʻchirib qoʻyish zarur. Shuningdek, daraxtlar, elektr uzatish ustunlari va yengil konstruksiyalar yaqinida turmaslik tavsiya etilgan.
Balkonlarda shamol uchirib ketishi mumkin boʻlgan buyumlarni olib qoʻyish, xavfsiz joylarda boshpana topish hamda ochiq hududda qolib ketilganda imkon qadar pastliklarga yotib himoyalanish lozim.
Fuqarolarga buzilgan binolarga yaqinlashmaslik, shamol tugaganidan soʻng esa elektr va gaz jihozlarining sozligini tekshirgandan keyingina ulardan foydalanish tavsiya qilingan.
Shuningdek, kuchli shamol davrida bolalarni batutlarga chiqarmaslik va batutlardan foydalanishni vaqtincha toʻxtatish muhim. Avtotransport vositalarini daraxtlar hamda yengil konstruksiyalar ostida qoldirmaslik ham eslatib oʻtilgan.