Oʻzbekistonda 15 nafar yosh tadbirkorning yillik aylanmasi 500 mlrd soʻmdan oshdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida endilikda yoshlarni muvaffaqiyatli biznes sari yetaklaydigan yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi maʼlum qilindi.

“Yurtimizda odamlarni ishli qilib, yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga xizmat qilayotgan eng asosiy qatlam, bu – tadbirkorlar.

Ularning orasida bilimli va tashabbuskor yoshlarimiz bor ekan, bizni hech kim hech qachon rivojlanishdan toʻxtata olmaydi”, dedi Prezidentimiz.

Hozirda yillik aylanmasi 500 milliard soʻmdan oshgan yosh tadbirkorlar soni 15 nafarga, 100 milliard soʻmdan oshgani 194 nafarga, 50 milliard soʻmlik marradan oʻtganlari esa 68 nafarga yetgani taʼkidlandi.

Bank-moliya akademiyasi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish boʻyicha “aql markazi” sifatida belgilanadi. Bundan buyon akademiya tinglovchilari hududlarda yoshlar va tadbirkorlar bilan uchrashadi va tayyor biznes loyihalarni shakllantiradi.

Yoshlar tadbirkorligi jamgʻarmasi tayyor loyihani biznes rejasi bilan qulay shartda yoshlarga taklif qiladi. Jamgʻarma yoshlarning yuqori daromad keltirib, koʻplab ish oʻrni yaratadigan loyihalariga 5 milliard soʻmgacha investitsiya kiritadi.

Eng yaxshi loyihalar akademiya tinglovchilarining magistrlik dissertatsiyasi sifatida qabul qilinadi. Bunday loyiha mualliflari hududiy bank rahbari va hokimlarning iqtisodiyot boʻyicha oʻrinbosari lavozimlariga eng birinchi nomzod boʻladi.

Ushbu tizim kamida 300 ming yoshga oʻz biznesini boshlashi uchun yoʻl ochadi.