Nurobodda yirik sement zavodi ishga tushirildi

Nurobod tumani Tepaqul mahallasida “NANJING CEMENT GROUP” MCHJning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Tadbirda viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Sh.Boʻronov, viloyat hokimining oʻrinbosarlari N.Rahmonov va X.Samiyev, korxona rahbariyati, xorijiy va mahalliy investorlar, hamkor korxonalar vakillari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Qiymati 63,5 million AQSH dollari boʻlgan loyiha doirasida barpo etilgan zamonaviy korxona yiliga 1 million tonna 400 va 500 markali sement ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavod ishga tushishi natijasida 200 ga yaqin yangi ish oʻrni yaratildi.

Marosimda mamlakatda investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va sanoatni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar ana shunday yirik loyihalarni hayotga tatbiq etishga xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Shundan soʻng marosim qatnashchilari korxonadagi zamonaviy ishlab chiqarish liniyalari va yaratilgan mehnat sharoitlari bilan tanishdilar.