“Katta Qashqar” MFYda 6 gektarda yerda limonchilikka ixtisoslashgan issiqxonalar barpo etilmoqda

Xususan, tumanning “Katta Qashqar” MFY drayveri limonchilik boʻlib, hududdagi 2357 ta oilaning qariyb 95 foizi ushbu yumush bilan shugʻullanadi. Har yili mahallada oʻrtacha 1000 tonna limon hosili olinadi va uning salmoqli qismi eksport qilinadi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

— Mahallamiz ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hudud maqomiga ega, — deydi “Katta Qashqar” MFY raisi Abdurasul Nabiyev. — Mahalla ahli hamjihatligi tufayli keyingi uch yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida 7 ta loyiha gʻolib boʻlib, infratuzilma toʻliq yangilandi. Bu yil mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida limonchilik, xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarda 50 ta mikroloyihani hayotga tatbiq etish maqsad qilingan.

Ayniqsa, bu borada yoshlar bandligini taʼminlash hamda limonchilikni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilayotgan issiqxona loyihalari eʼtiborga molik. Istiqbolli loyiha doirasida 6 gektar maydonda limonchilikka ixtisoslashgan 26 ta issiqxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ezgu tashabbus asosida mahalladagi 30 nafar yoshga 20 sotixdan yer maydoni ajratilib, ularning bandligi taʼminlanadi.

Mahalla raisining qayd etishicha, har bir issiqxona uchun oʻrtacha 200 million soʻm mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Ayni jarayonda har bir issiqxonaga 150 tupdan limon koʻchati ekiladi. Koʻchatlar hosilga kirgach, bitta issiqxonadan yiliga 130-150 million soʻmgacha daromad olish imkoniyati mavjudligi hisob-kitob qilinmoqda.

Bugungi kunga qadar loyihani amalga oshirish uchun zarur infratuzilma ishlari bajarilib, hududga toʻliq elektr tarmogʻi tortildi. Shu bilan birga, 0,5 km dan ortiq ariq betonlashtirildi, 100 metr chuqurlikda suv qudugʻi qazildi hamda 0,7 km ichki yoʻl shagʻallashtirildi.

Dastlabki yillarda issiqxonalarda limondan tashqari qalampir, pomidor, bodring va karam kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda qoʻshimcha daromad olish mumkin. Loyiha toʻliq ishga tushgach, 60 nafar mahalla yoshlari doimiy ish oʻrni bilan taʼminlanadi.