Oʻzbekistondagi 60 ta suv omborining yagona raqamli 3D modellari yaratilmoqda

Bugun, 24-iyun kuni “Oʻzbekkosmos” agentligi hamda “Oʻzbekgidroenergo” AJ hamkorligida Toshkent viloyati hududida joylashgan Ohangaron suv omboriga media-tur tashkil etildi. Unda agentlik mutaxassislari batimetrik texnologiyalar va aerokosmik maʼlumotlardan foydalangan holda suv omborining raqamli 3D modellarini yaratish bosqichlari namoyish etildi.

Shu kunga qadar ushbu monitoring jarayonlari asosan gidrologik postlar, joyida oʻlchovlar va mutaxassislarning muntazam kuzatuvlari orqali amalga oshirib kelingan. Ushbu yondashuv amaliy jihatdan muhim boʻlsada, hududiy qamrovning torligi, ob-havo sharoitlariga bogʻliqlik hamda maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilish jarayonining nisbatan uzoq davom etishiga olib keladi.

Taqdimotda “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish ishlarida jadallik qayd etilayotgani taʼkidlandi. Xususan, bu borada olib borilayotgan loyihalar doirasida radiolokatsion sunʼiy yoʻldoshlar orqali olingan maʼlumotlar asosida suv omborlari toʻgʻonlarini uzluksiz va keng qamrovli kuzatish imkoni yaratilgani aytildi.

Maʼlum qilinishicha, ushbu ishlar davlatimiz rahbarining “Kosmik tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan boʻlib, unga koʻra respublikadagi 60 ta suv omborida loyqa oqiziqlari bilan toʻlish dinamikasini monitoring qilish ishlari zamonaviy texnologiyalar va qurilmalardan foydalangan holda yoʻlga qoʻyilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ bilan hamkorlikda Ohangaron suv omborida olib borilgan kosmik monitoring tizimi aynan ushbu yoʻnalishdagi amaliy ishlardan biri boʻlib, u kosmik maʼlumotlarni real boshqaruv jarayonlariga integratsiya qilishga koʻmaklashadi. Media-tur davomida OAV vakillari mazkur suv omborini batimetrik tasvirga olish jarayonlari bilan yaqindan tanishib, suv osti qismidagi relyefni oʻlchash bosqichlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Maʼlum qilinishicha, monitoring jarayonlarida optik-elektron, radiolokatsion va multispektral kosmik suratlardan foydalanilmoqda. Oʻlchov ishlarida suv toʻldirish jarayonining mavsumiy xususiyatlari, suv sathining maksimal va minimal koʻrsatkichlari qayd etib boriladi. Shundan soʻng, zamonaviy aerokosmik va koʻp nurli batimetrik usullar yordamida olingan maʼlumotlar maxsus dasturiy taʼminot orqali birlashtirilib, suv omborlarining yagona raqamli 3D modeli yaratiladi.

Ushbu model asosida suv omborlarining har 10 santimetr (zarurat boʻlganda 1 santimetrgacha) suv sathi boʻyicha hajmi va suv yuzasi maydonini aniqlash imkoniyati yaratiladi. Toʻplangan barcha maʼlumotlar suv omborlarining holatini muntazam kuzatish, qirgʻoq chiziqlaridagi oʻzgarishlarni aniqlash hamda suv resurslarini samarali boshqarish, suv xavfsizligi va xavflarni erta aniqlash imkonini beradi.