Jenevada Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʻyicha mintaqaviy byurosi direktori Piter van Roy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, mamlakatimizda mehnat, bandlik va ijtimoiy sheriklik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi kelgusi davrdagi hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan 2026-2030-yillarga moʻljallangan munosib mehnat boʻyicha mamlakat dasturi loyihasini muhokama qilishga alohida eʼtibor qaratildi. Mehnat bozorini rivojlantirish, bandlik sifatini oshirish va aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma loyihalar ham koʻrib chiqildi.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ijtimoiy muloqot mexanizmlarini mustahkamlash va xalqaro mehnat standartlariga rioya etilishini taʼminlash borasida barqaror yutuqlarga erishilgani qayd etildi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida konstruktiv hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ekani taʼkidlandi.