Xalqaro mehnat konferensiyasining 114-sessiyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkilotining Xalqaro mehnat standartlari departamenti direktori Korin Varga bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat davomida milliy mehnat qonunchiligini xalqaro standartlarga muvofiq yanada takomillashtirish masalalarini, shuningdek, Oʻzbekistonning Xalqaro mehnat tashkilotining ratifikatsiya qilingan konvensiyalari boʻyicha majburiyatlarini amalga oshirish jarayoni muhokama qilindi.
Korin Varga Oʻzbekistonda mehnat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini yuqori baholab, milliy normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash boʻyicha izchil ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.
Uchrashuvda alohida eʼtibor Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalarining bajarilishiga hamda ijtimoiy-mehnat munosabatlarini tartibga solish milliy tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishiga qaratildi.
Shuningdek, tomonlar ijtimoiy-mehnat sohasidagi yangi xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qilish istiqbollarini, shuningdek, Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi ekspert-texnik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.