Sirdaryoda chiyaboʻri 4 kishiga hujum qildi

Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida chiyaboʻri 4 kishiga hujum qildi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 9-iyun kuni soat taxminan 17:30 larda Guliston tumanining “Ishonch” mahallasi dala chetiga yaqin hududida bitta chiyaboʻri 4 nafar fuqaroga hujum qilgan. Hodisa sodir boʻlgan vaqtda shu mahallada yashovchi fuqaro tomonidan tezkor choralar koʻrilib, yovvoyi hayvon zararsizlantirilgan va mavjud xavf bartaraf etilgan.

Bildirilishicha, jarohat olgan fuqarolarga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilgan. Hozirda ularning salomatligi tibbiyot xodimlari nazoratida boʻlib, ahvoli qoniqarli.

Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar tomonidan zarur oʻrganish va profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Vaziyat mutasaddi idoralar nazoratida.