Xususan, Sirdaryo daryosi boʻyida joylashgan Sohilobod mahallasidagi 285 gektar maydonda zamonaviy “Ekoturizm” majmuasini tashkil etish ishlari boshlandi.
Majmua loyihasi uchun bosh reja Malayziyalik mutaxassislar tomonidan ishlab chiqildi. Mazkur “Master reja”ga koʻra hudud 3 ta asosiy zonaga ajratildi. Yaʼni uning 135 gektari tabiat, 85 gektar oʻrmon hamda 65 gektari dam olish, savdo va xizmat koʻrsatish hududlaridan iborat.
Loyiha doirasida hudud infratuzilmasini yaxshilash uchun davlat byudjetidan 7,4 milliard soʻm mablagʻ ajratilib, qurilish ishlari yakunlanmoqda. Shuningdek, 2 kilometr yoʻlga asfalt yotqizish, 2 ta transformator oʻrnatish va 2 kilometr elektr tarmogʻi tortish, shuningdek, hududga zamonaviy yoritish chiroqlari oʻrnatish hamda piyodalar yoʻlaklarini barpo etish koʻzda tutilgan.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida hududning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, yangi xizmat turlarini yoʻlga qoʻyish, tadbirkorlik subyektlari uchun qulay sharoit yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash imkoniyatlari yanada kengayadi.