Parlament yuqori palatasida bir guruh madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlariga davlat mukofotlari topshirildi

Joriy yilning 29-may kuni Oliy Majlis Senatida bir guruh yurtdoshlarimizga davlat mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq oʻzining koʻp yillik samarali ilmiy-ijodiy faoliyati, yorqin va betakror isteʼdodi bilan xalqimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy maʼnaviyatimizni boyitish, mamlakatimizda madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini rivojlantirish, asriy anʼanalarimiz, boy merosimizni asrab-avaylash va Yangi Oʻzbekistonni jahon miqyosida targʻib etishga qoʻshgan munosib hissasi, jamiyatimizda oʻzaro hamjihatlik, ezgulik va bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlash, yosh iqtidor egalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning mahorat va qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, farzandlarimizni ona yurtga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi katta xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalari xodimlari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan mukofotlarni va tegishli hujjatlarni tantanali ravishda topshirdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat, sanʼat va adabiyot namoyandalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnatini munosib qadrlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganini alohida taʼkidladilar. Bugungi mukofotlar ham davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan ana shu yuksak eʼtibor va eʼtirofning amaliy ifodasi ekani qayd etildi.

Mukofotlanganlar esa Davlatimiz rahbarining yuksak ishonchi va eʼtibori uchun samimiy minnatdorlik bildirib, bundan buyon ham oʻz ijodi va fidokorona mehnati bilan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyoti, milliy madaniyat va maʼnaviyat ravnaqiga munosib hissa qoʻshishda davom etishlarini bildirdilar.