11
11

Oʻzbekiston parlament delegatsiyasi panel munozaralarida ishtirok etdi

Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlari normalariga rioya etilishini taʼminlash, qurolli mojarolar sharoitida inson huquqlarini himoya qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan panel munozaralari boʻlib oʻtdi.

Panel munozaralarida Senat Raisi Tanzila Narbayeva oʻz soʻzida xalqaro majburiyatlarni milliy qonunchilik, byudjet mexanizmlari va parlament nazorati orqali samarali amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

Shuningdek, masʼul idoralarning vazifalarini aniq belgilash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni xolisona tergov qilish va aybdor shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston inson hayoti va qadr-qimmatini himoya qilish, nizo va mojarolarni xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari va prinsiplari asosida, tinch yoʻl, muloqot va diplomatik vositalar orqali hal etish tarafdori ekani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston uchun inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, inson hayoti va qadr-qimmatini oliy qadriyat sifatida himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Shu bois xalqaro gumanitar huquq talablarini milliy huquqiy amaliyot bilan uygʻunlashtirish, huquqni qoʻllash mexanizmlarini takomillashtirish va masʼul institutlar salohiyatini oshirish muhim vazifalardan biridir.

Panel munozarasida bildirilgan fikr va takliflar xalqaro gumanitar huquq normalarini samarali amalga oshirish, inson huquqlarini himoya qilishning milliy mexanizmlarini yanada kuchaytirish hamda parlamentlarning ushbu jarayondagi rolini oshirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Zero, inson huquqlari buzilishining oldini olish, insonni oʻz vaqtida himoya qiladigan samarali mexanizmlarni ishga tushirish va adolatni taʼminlashga qaratilgan izchil choralar jamiyatda huquq ustuvorligiga ishonchni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashning muhim shartidir.