Joriy yilning 30-iyun kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan Xalqaro parlamentarizm kuniga bagʻishlangan “Yangi Oʻzbekistonda xalqchil parlament: islohotlar, tashabbuslar va rivojlanish istiqbollari” mavzusida davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda senatorlar, vazirlik va idoralar vakillari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari olimlari, tahlil markazlari ekspertlari, Qoʻmita huzuridagi Ekspertlar guruhi hamda Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar sharoitida parlamentning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni tobora mustahkamlanib borayotgani, parlament diplomatiyasi mamlakat tashqi siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini ilgari surishda muhim vositaga aylangani taʼkidlandi.
Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, xalqaro parlament tashkilotlari bilan aloqalarni mustahkamlash, qonun ijodkorligi jarayoniga ilmiy-tahliliy yondashuvlarni keng joriy etish hamda parlament nazorati samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan maʼruzalar tinglandi.
Muhokamalar davomida ekspertlar tomonidan parlament diplomatiyasini rivojlantirish, davlat organlari, parlament va fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, qonunchilik sifatini oshirishga qaratilgan qator amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.
Suhbat yakunida bunday muloqot maydonlari ochiq va xalqchil parlament faoliyatini rivojlantirish, ilgʻor xalqaro tajribani keng joriy etish hamda parlament faoliyati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.