Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Niderlandiya Qirolligining Gaaga shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Parlament assambleyasining “Xalqaro huquq va umumiy tamoyillar: YXHT hududida xavfsizlik va hamkorlikning asoslari” mavzusiga bagʻishlangan 33-yillik sessiyasi tadbirlarida ishtirok etdi.
Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi tarkibida Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Mamatkarimov qatnashdi.
Tadbirda Yevropa, Shimoliy Amerika va Markaziy Osiyo davlatlaridan 250 dan ortiq delegatsiyalar vakillari parlament diplomatiyasini rivojlantirish, xalqaro xavfsizlikni mustahkamlash, demokratik institutlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda inson huquqlarini himoya qilishga oid dolzarb masalalarni muhokama qildi.
Sessiya davomida xalqaro xavfsizlik, nizolarning oldini olish, demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini taʼminlash hamda parlament diplomatiyasining zamonaviy chaqiriqlarga mos mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qator maʼruzalar va munozaralar oʻtkazildi. Ishtirokchilar mazkur yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligini taʼkidladi.
Markaziy Osiyo boʻyicha hamda Ipak yoʻli guruhi yigʻilishlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari “Yangi Oʻzbekiston” taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, parlament faoliyatini takomillashtirish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy sohalarda olib borilayotgan oʻzgarishlar haqida xabardor qildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi bir qator uchrashuvlar ham oʻtkazdi. Jumladan, YXHT Parlament assambleyasi Bosh kotibi, YXHT Parlament assambleyasining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili hamda Niderlandiya delegatsiyasi rahbari bilan samarali muloqotlar oʻtkazildi.